Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Toshkentda davom etayotgan Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida Senat a’zolari Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

Qayd etilganidek, joriy yil yanvar-avgust oylari yakunlari bo‘yicha viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognoz ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarilgan. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 trln. 137 mlrd. so‘mni (109,5 %) tashkil etdi, 3 trln. 541 mlrd. so‘mlik xalq iste’mol mollari ishlab chiqarildi.

Viloyat hokimi hisobotida Prezidentimizning 2017-2019 yillardagi tashriflari chog‘ida viloyatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olinganligi ta’kidlandi. Jumladan, bu davrda 14,7 trln. so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirilishi hisobiga 1252 ta loyiha amalga oshirildi, 26275 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

 

Namangan viloyatida tadbirkorlikning barcha shakllarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, joriy yilda 4 ming 622 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilgan bo‘lib, bu esa o‘tgan yilga nisbatan o‘sish ikki baravar tashkil etganligini anglatadi. Viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar 235,0 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 3,1 baravarga o‘sdi.

So‘nggi uch yilda viloyat xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida va doimiy komissiyalar majlislarida ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi 812 nafar mansabdor shaxsning hisobotlari eshitildi. Bu esa o‘z navbatida islohotlar samaradorligini ta’minlashga ko‘maklashdi.

Parlament a’zolari tomonidan Namangan viloyatida hududlarni rivojlantirishga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishi samaradorligini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muammo va kamchiliklar mavjudligini aytib o‘tildi. Shu munosabat bilan mahalliy hokimiyat vakillik organlari faolligini oshirish, ularning faoliyatiga yangi usullar va yondashuvlarni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

 

Hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar orasida respublika va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarni ta’mirlash, davlat ahamiyatiga molik Farg‘ona halqa yo‘lini modernizatsiyalash va kengaytirish zarurligi qayd etildi. Ushbu yo‘ldan 2018 yilda 25-30 ming kishi, bugungi kungacha esa 30-35 ming kishi foydalandi. Ammo amaldagi normalarga muvofiq mazkur yo‘l bor-yo‘g‘i 10-15 ming avtoni o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Joriy yilning o‘tgan davrida bu yo‘lda ayanchli oqibatlarga olib kelgan ko‘plab yo‘l-transport hodisalari qayd etilgani, ularning ko‘pchiligi qarama-qarshi tomonga chiqib ketish bilan bog‘liq. SHu tufayli xavfsizlikni ta’minlash va haydovchilarga qulaylik yaratib berish uchun yo‘nalishning qatnov qismlarini qayta qurish va ikkitadan to‘rttaga kengaytirish hamda himoya yo‘l to‘siqlari o‘rnatish zarurligi haqida so‘z bordi. Bu vazifani moliyalashtirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish muhimligiga urg‘u berildi.

Namangan viloyatida aholining suv ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, aholining 37,8 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Mavjud 508 ta suv olish inshooti quvvatining atigi 46 foizidan foydalanilmoqda, suv quduqlarining 13 foizi ta’mirtalab, 8 foizi yaroqsiz holga kelgan. Mahalliy hokimliklarning meliorativ ishlar samaradorligini oshirish bilan bog‘liq tashabbuslari mas’ul vazirliklar va idoralar tomonidan batafsil o‘rganilmayotgani alohida qayd etildi.

Senatorlar tomonidan Namangan viloyatini yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishini takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech