Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan viloyatida chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasini qurishni rejalashtirayotgan Belgiyaning BRAG (Belgian Renewable Energy Group) kompaniyasi vakillari 11 oktyabr kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan qabul qilindi.

BRAG kompaniyasi prezidenti Yoxan Vos, Texnologiyalar bo‘yicha direktori Geert Timmermans hamda xalqaro hamkorlik aloqalar bo‘yicha maslahatchi Jin de Brabande tomonidan taqdim etilgan bu yirik loyiha, Namangan shahri va yaqin tumanlardagi maishiy hamda sanoat chiqindilarini qayta ishlab elektr energiyasi olish hamda bu asnoda qo‘shimcha qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi. Ushbu qurilishi rejalashtirilayotgan qayta ishlash korxonasi eski chiqindi poligonlaridagi chiqindilardan ham foydalanib, poligonlarni toza hududga aylantirishi ko‘zda tutilgani alohida ta’kidlandi.

 

Ispaniyaning Barselona hamda Belgiyaning Antverpen shaharlarida BRAG kompaniyasiga oid ana shunday majmualar faoliyat olib borayotganini ma’lum qilgan mehmonlar, Namangan viloyati vakillarini ana shu korxonalarga tashrif buyurib, ish jarayoni bilan yaqindan tanishishga taklif qilishdi.

Loyihani boshlash uchun talab etiladigan bosqichlar haqida batafsil ma’lumot bergan belgiyalik ishbilarmonlar, kelgusi haftada kelishuv imzolashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

BRAG kompaniyasi vakillari tomonidan ushbu loyihani davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilishi borasida ham taklif bildirildi.

 

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Xakimovning Namangan viloyatiga yevropalik hamkorlarni jalb etishdagi hamda viloyat iqtisodiy salohiyatini Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg investorlariga tanitishdagi roli uchrashuvda alohida qayd etildi.

 

Uchrashuvda Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazzoqov ham ishtirok etdi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech