Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


13 sentyabr kuni Namangan viloyatida yirik xalqaro anjuman – “XXI asrda tibbiyot va farmatsevtikani rivojlantirishda investitsiya va innovatsiyalarning roli” mavzuidagi Xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi o‘z ishini boshladi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

 

To‘raqo‘rg‘on shahridagi yangi rekonstruksiya qilingan Madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher SHodmonov, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdilar va nutq so‘zladilar.

13-14 sentyabr kunlarida ikki kun davom etadigan Forumda jahonning 30 dan ortiq davlatidan, xususan Rossiya, Turkiya, Avstriya, Vengriya, Slovakiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ummon, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Hindiston, Misr, Isroil, Singapur, Malayziya, Ozarbayjon, Belarus, Bolgariya, Saudiya Arabistoni va Ukrainadan 150 nafar xorijiy kompaniyalar vakillari va tibbiyot sohasining etuk olimlari ishtirok etishmoqda.

 

Forumning birinchi kuni ertalabki dasturidan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning xorijlik investorlar bilan muzokaralari ham o‘rin oldi.

Kunning ikkinchi yarmida beshta yo‘nalish - endokrinologiya, kardiologiya, jarrohlik, onalik va bolalik muhofazasi hamda farmatsevtika bo‘yicha seksiya yig‘ilishlari boshlanadi.

 Namangan viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida tashkil etilayotgan xalqaro forumda viloyat tibbiyoti va farmatsevtika sanoatining salohiyati namoyon etilmoqda.

 

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli loyihalar asosida viloyatga investitsiyalar kiritish, yangi innovatsiyalarni va zamonaviy texnologiyalarni viloyati tibbiyotida amaliyotga tatbiq etish, farmatsevtika sanoatini taraqqiy ettirish forumning bosh maqsadi etib belgilangan.

Forum doirasida xorijiy tadbirkorlar bilan tibbiy xizmatlar va farmatsevtikaga oid ko‘p million dollarlik qator investitsion shartnomalar imzolash kutilmoqda.

Ertaga tibbiyot sohasining taniqli namoyandalari ishtirokida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, viloyat perinatal markazida va viloyat kardiologiya markazida hamda “Anamed” va “Oydin shifo” xususiy klinikalarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.

14 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda Namangan davlat universitetida tashkil etilgan qo‘shma tibbiyot fakultetining ochilish marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ural davlat tibbiyot universiteti Olga Kovtun ham forumda ishtirok etmoqda.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech