Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech
Chop etish

Iqtisodiyotning diversifikatsiyasi natijasida farmatsevtika sohasining ulushi Namangan viloyati iqtisodiyotida salmoqli hajmga ega boʻlmoqda. Hozirda Namangan dori-darmon ishlab chiqarishda Respublikaning eng old viloyatlaridan biriga aylandi.

 


Bugun, 11-iyun kuni Namangan tumanida viloyatning eng yirik farmatsevtik korxonasi – “Merrymed Farm” MCHJning navbatdagi majmuasi rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.Infuzion eritmalar, koʻz tomchilari, plastik hamda shisha ampulalarda inyeksion eritmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bu boʻlimning loyihasi, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil iyul oyidagi Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida taqdim etilgandi. Ikki yil ichida qiymati 25 million AQSH dollari boʻlgan loyiha hayotga tadbiq etildi.


Tantanali marosimda soʻz olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov,  “Tashrifdan olgan kuch-quvvat va shijoat bilan, “Merrymed Farm” korxonasi rahbarlari tomonidan qisqa davr ichida 7 yoʻnalishda 120 turdagi yangi dori-darmonlar ishlab chiqarishga moʻljallangan 20 ming m2-maydonda yangi boʻlim qurib bitkazildi. Bu boʻlimning ishga tushishi bilan 300 ta yangi ish oʻrni yaratildi”, deb taʼkidladi.
Ochilish marosimida, shuningdek, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Solijon Moʻminov, “Merrymed Farm” korxonasi rahbari Nasimjon Azizov ham nutq soʻzlashdi.



 2010-yilda 30 ishchi bilan oʻz faoliyatiga boshlagan “Merrymed Farm” MCHJ, bugun 700 ta ish oʻrni yaratilgan, yillik quvvati 120 million oʻramga yaqin dori vositalari ishlab chiqarish hajmiga ega Fargʻona vodiysidagi eng yirik, respublikada kuchli uchlikka kiruvchi farmatsevtik korxonadir. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining 97 foizi “Merrymed Farm” hissasiga toʻgʻri keladi. Korxona sexlarida tabletkalar, kapsulalar, inyeksion va infuzion eritmalar, mazlar, siroplar, suspenziyalar, kukun koʻrinishidagi antibiotiklar ishlab chiqarilmoqda. Yangi ishga tushirilgan boʻlimda yiliga 15 million 600 ming flakon, jami qiymati 30 milliard soʻmga yaqin boʻlgan glyukoza, natriy xlorid, ringer, metronizadol, siproksin va boshqa dori vositalari ishlab chiqariladi.


Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, 2016-yil yakunlariga koʻra korxonada 275 kishi mehnat qilgan va taxminan 59 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan. 2017-yil yakunida esa xodimlar soni 360 ga, ishlab chiqarilgan mahsulot qiymati 105 milliard soʻmga teng boʻlgan. Oʻtgan 2018-yil soʻngida esa “Merrymed Farm”da mehnat qilayotgan xodimlar 650 kishi, yillik mahsulot qiymati esa 202 milliard soʻmdan oshiq boʻlgan.

 


2017-yildan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Afgʻonistonga oʻz mahsulotlarining eksportini yoʻlga qoʻygan “Merrymed Farm”, oʻtgan yili 700 ming AQSH dollari qiymatida xorijga oʻz mahsulotlarini joʻnatgan. 2019-yilda esa oʻz oldiga 1,5 million dollari qiymatida eksport rejasi belgilab olgan.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech